JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston mehmonda Qirg‘izistonni 2:3 hisobida mag‘lub etdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2026 saralashi ikkinchi o‘yinida Qirg‘izistonni uyida mag‘libiyatga uchratdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga saralashning 3-bosqichi ikkichi o‘yinida mehmonda Qirg‘izistonni mag‘lub etdi. 10-sentabr kuni Bishkekdagi “Dolen Omurzakov” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin 2:3 hisobida yakunlandi.
Qirg‘iziston terma jamoasi o‘yinning 15-daqiqasida birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Asli ganalik 26 yoshli hujumchi Joel Kojo (klub miqyosida Samarqandning “Dinamo”sida o‘ynaydi) O‘zbekiston jarima maydonchasida deyarli yolg‘iz qoldi va chap burchakka aniq zarba berdi.
O‘zbekiston darhol javob qaytardi. 17-daqiqada hujumchi Eldor Shomurodov raqib jarima maydonchasiga yugurib kirdi va to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan darvozaga yo‘lladi.
35-daqiqada Qirg‘iziston standartdan so‘ng yana oldinga chiqib oldi. O‘zbekiston himoyasida sarosima yuzaga keldi, yolg‘iz qolgan yarimhimoyachi Odiljon Abdurahmonov gol urdi.
Birinchi bo‘lim oxirida O‘zbekiston tenglikni tikladi. 45+1-daqiqada Husniddin Aliqulov jarima maydonchasiga oshirib berilgan to‘pdan so‘ng ikkinchi qavatda ustunlikni qo‘lga kiritdi va to‘pni darvozaga yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda Oston O‘runovning 72-daqiqada kiritgan goli evaziga terma jamoamiz g‘alabani ilib ketdi. Hujumchi jarima maydonchasi ichida himoyachilar orasida ajoyib muomala qildi va darvozabon yuqorisiga zarba berdi.
Shu tarzda ikki o‘yindan so‘ng O‘zbekiston maksimal olti ochkoga ega bo‘ldi va xabar e’lon qilingan vaqtda guruhda birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Мавзуга оид хабарлар:
Qirg‘iziston ko‘mir eksportini yarim yilga chekladi O‘zbekistonning Kubadagi birinchi elchisi akkreditatsiyadan o‘tdi O‘zbekistonliklar Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi JCH saralashi — 2026. Oʻzbekiston Shimoliy Koreyaga qarshi muhim oʻyinda gʻalaba qozondi O‘zbekiston mobil internet tezligi reytingida pastladi