“Og‘ir bo‘ladi, lekin biz qo‘rqmaymiz”: Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining Urugvayga qarshi o‘yini haqida
Italiyalik mutaxassis o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan jamoaning rejalari va kayfiyati bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 13-oktyabr kuni Malayziyada bo‘lib o‘tadigan Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning rejalari va kayfiyati bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi O‘FA matbuot xizmati.
Italiyalik mutaxassisning aytishicha, jamoa allaqachon tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ulgurgan. Shuningdek, Fabio Kannavaro o‘yin avvalgilaridan farq qilishini, chunki sportchilar dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri va eng yaxshi murabbiylardan biriga qarshi o‘ynashlarini ta’kidladi.
Albatta, og‘ir bo‘ladi. Lekin biz qo‘rqmaymiz — nimalarga qodirligimizni ko‘rsatmoqchimiz. O‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lishiga qaramay, bor kuchimizni 100 foiz ishga solamiz va maydonda borimizni beramiz, — dedi terma jamoa bosh murabbiyi.
Shuningdek, Fabio Kannavaro jamoa to‘p nazoratini qo‘lga olishga harakat qiladimi, degan savolga ijobiy javob berib, bu o‘zini ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat ekanini ta’kidladi hamda o‘yin davomida to‘p ko‘proq o‘zbekistonliklar ixtiyorida bo‘lishiga umid bildirdi.
Mag‘lubiyatdan keyin bizni gullar bilan kutib olishadi, deb o‘ylamayman. Hammasi oddiy — biz natija haqida o‘ylashimiz kerak. Ha, bu o‘rtoqlik o‘yini, lekin unda ham bor kuchingni sarflashing, bor kuching bilan ishlashing, bir butun bo‘lishing kerak, — dedi italiyalik mutaxassis o‘rtoqlik o‘yinlariga qanday qaraysiz, degan savolga.
Bundan tashqari, Fabio Kannavaro o‘yin o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, jamoa barcha holatlarni hisobga olishi muhimligini ta’kidladi va bunday o‘yinlar tayyorgarlik ko‘rish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini, chunki jahon chempionati vaqtida jamoada bunga vaqt bo‘lmasligini ta’kidladi.
Bu mening fikrim, garchi boshqa nuqtayi nazarlarni ham hurmat qilaman. Bizni uzoq safar kutmoqda va unga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish kerak. Shunchaki mashq qilish uchun futbolchilarni uzoq yo‘lga olib chiqish mumkin emas. Jahon chempionatiga saralash boshlanguniga qadar sakkiz oy vaqt qoldi – biz barcha futbolchilarni diqqat bilan kuzatib boramiz, — deya so‘zini yakunlagan terma jamoa bosh murabbiyi Quvaytga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritilgan ayrim futbolchilar nega Urugvayga qarshi o‘yin uchun Malayziyaga uchib ketmagani haqidagi savolga javob berdi.
Jamoa a’zosi Abduvohid Ne’matov ham murabbiyning so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, sportchilar Urugvay terma jamoasi uslubini chuqur tahlil qilib, kuchli va kuchsiz tomonlarini aniqlayotganini qo‘shimcha qildi va maydonda yaxshi o‘yin ko‘rsatishga va’da berdi.
Avvalroq terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoa bilan ishlash borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgani haqida xabar berilgandi. Italiyalik mutaxassis tayyorgarlik, taktikani ishlab chiqish va mahalliy mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Izohlar