O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi tasdiqlandi
Tegishli qaror hukumat tomonidan qabul qilindi.

O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi to‘lanadigan shaxslar ro‘yxati va shartlari tasdiqlandi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab mamlakatda ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi rasman bekor qilingan fuqarolarga to‘lanadi. U so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan va mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin olti oy ichida murojaat qilgan fuqarolarga — so‘nggi 18 oydagi o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib, 3 oy ichida to‘lanadi.
Bunda to‘lovlar birinchi oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, biroq MHEKMning 3 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, ikkinchi va uchinchi oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, biroq MHEKMning 3 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, ishsizlik nafaqasi qayta tayinlanganda fuqaroga dastlab tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng kamida 12 oy qo‘shimcha ish staji talab etiladi.
Avvalroq ish beruvchilar bandlik organlari tomonidan yuborilgan fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etgani uchun jazolanmasligi xabar qilingandi. Ayrim toifalar uchun majburiy ishchi zaxira yaratiladi.
Izohlar