O‘zbekistonda bazaviy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi
Moliya vazirligi 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasini taqdim etdi.

Moliya vazirligi 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasini e’lon qildi, unda soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari taqdim etilgan.
Hujjatga ko‘ra, rasmiylar bazaviy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Xususan, qulay tadbirkorlik muhitini ta’minlash maqsadida asosiy soliq turlarining amaldagi advalor stavkalari saqlab qolinmoqda:
- foyda solig‘i — 15%;
- QQS — 12%;
- jismoniy shaxslarning daromad solig‘i — 12%;
- ijtimoiy soliq — 12% (25% byudjet tashkilotlari uchun);
- aylanmadan olingan soliq — 4%;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq — 1,5%.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i stavkasi yerning normativ qiymatining 0,95 foizi miqdorida saqlab qolinmoqda. 2026-yil 1-yanvardan boshlab mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga soliq solish maqsadida qo‘llaniladigan yer, mol-mulk va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, yer qa’ridan foydalanganlik uchun stavkalar, ijara to‘lovining eng kam stavkalarini 7 foizga indeksatsiya qilish taklif etilmoqda.
Soliq ma’muriyatchiligi va raqobat muhitining barqarorligini saqlash, aholining sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilishni rag‘batlantirish, shuningdek, byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlash soliq siyosatining asosiy o‘rta muddatli yo‘nalishlari sifatida saqlanib qolmoqda, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar 158 trillion so‘mlik soliq to‘lagan. Foyda va QQS bo‘yicha ajratmalarga eng ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan.
Izohlar