Markaziy bank asosiy stavkani saqlab qoldi
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyul oyiga nisbatan biroz pasaydi.

11-sentyabr kuni Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi, deb xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyul oyiga nisbatan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishi hisobiga 7,6 foizgacha pasaydi. Yuqori yalpi talab saqlanib qolayotgan sharoitda energiya narxlari o‘sishining ikkilamchi ta’siri xizmatlar narxlarining yuqori inflyatsiyasida o‘z aksini topmoqda.
Bunday sharoitda joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bank Kengashining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 23 oktyabrga belgilangan.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi iqtisodiyotda jamg‘armalarning jozibadorligini saqlab qoladi, kredit stavkalarini optimallashtirish va pul bozorida resurslarning muvozanatli narxlarini shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini pasaytiradi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Markaziy bank aholining mikrokreditlar bo‘yicha qarzdorligi oshganini ma’lum qilgandi. Regulyator mikroqarzlar bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Izohlar