Pul

O‘zbekistonliklarning mikrokreditlar bo‘yicha qarzlari oshmoqda — MB

Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonliklarning mikrokreditlar bo‘yicha qarzlari oshmoqda — MB

Markaziy bankning 2024-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining qarz yuki, ayniqsa mikrokreditlash segmentida o‘sishi bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolmoqda.

2024-yilda jismoniy shaxslarning umumiy qarz yukining o‘rtacha darajasi o‘sib, 34 foizni tashkil etdi. Ya’ni fuqarolar o‘z daromadlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini banklardagi kreditlar, mikroqarzlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarga yo‘naltirgan. Masalan, bir kishi bir oyda 3 mln so‘m topsa, 1,02 mln so‘mini kredit to‘lovlariga sarflaydi.

Banklardan kredit jalb qilgan fuqarolar orasida DSTI qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori bo‘lgan kreditlar ulushi jami kreditlarning 40 foizini tashkil etdi. Ya’ni kreditlarning deyarli yarmi oylik daromadining yarmidan ko‘pi qarzni to‘lashga ketadigan odamlarga berildi.

Qarz yuki ko‘rsatkichi 26-50 foiz oralig‘ida bo‘lganlar ulushi 42% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, 12 foiz qarz oluvchilarda to‘lov qobiliyatini yo‘qotish xavfi 100% dan oshadi. Avtokreditlash segmentida vaziyat yaxshilandi: Markaziy bankning chora-tadbirlari tufayli xavf darajasi pasaydi.

Avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 69 foizdan 61 foizga tushdi. 2024-yilning ikkinchi yarmida 50 foizdan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan qarz oluvchilarning ulushi 23 foizga kamayib, 40 foizni tashkil etdi. Makroprudensial instrumentlarning qat’iylashtirilishi avtokreditlarning garov bilan ta’minlanishida ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi.

2024-yilda LTV ko‘rsatkichi 80 foizdan yuqori bo‘lgan avtokreditlar ulushi 2023-yilga nisbatan 6 foizga kamayib, barcha avtokreditlarning 48 foizini tashkil etdi. 2024-yilda ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha LTV o‘rtacha tortilgan ko‘rsatkichi 73 foizni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 9 foizga kamaygan.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha kredit summasining garov qiymatiga o‘rtacha nisbati (LTV) 76% darajasida saqlanib qoldi va 2023-yilga nisbatan biroz oshdi. Ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning beshdan bir qismi daromadlarining asosiy qismini qarzlarni to‘lashga sarflaydi.

2024-yilda ipoteka kredit oluvchilarning 21 foizida DSTI ko‘rsatkichi 100 foizdan oshgan, ya’ni ularning qarzi daromadidan yuqori bo‘lgan. DSTI 50% dan past bo‘lgan qarz oluvchilarning ulushi 39% ni tashkil etdi. Ipoteka olgan jismoniy shaxslar orasida o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 65% ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, mikrokreditlash sohasida xatarlar oshgan. Muammoli kreditlar ulushi yuqori bo‘lib, ayrim banklarda shakllangan zaxiralar darajasi pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, qarz yuki ko‘rsatkichi (34%) ipoteka va avtokreditlarga qaraganda kamroq, uning o‘sish sur’atlari yuqoriroq.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, banklarning kredit portfelidagi mikroqarzlar qoldig‘i avtokreditlar hajmidan 6 foizga oshib, 42,4 trln so‘mni tashkil etdi. 2025-yil 1-yanvarda mikroqarz oluvchilar soni qariyb 2,3 million kishiga yetdi – bu o‘tgan yilga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. 2019-yilda 500 ming qarz oluvchida mikroqarzlar mavjud edi (4,6 baravar kam).

Har bir kishiga 1,7 ta mikroqarz shartnomasi to‘g‘ri keladi (0,4 ta edi), bu esa ortiqcha qarz yuki xavfini kuchaytiradi.

“Mikroqarzlarni berishda aniq maqsad va garov ta’minoti talablarining mavjud emasligi qarz oluvchilarning o‘z majburiyatlarini bajarmaslik xavfini oshiradi, bu esa, o‘z navbatida, banklar uchun kredit yo‘qotishlari xavfini oshiradi”, – deyiladi xabarda.

24-iyuldan boshlab Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha talablarni kuchaytiradi. Banklar portfelidagi ulush 25 foizdan oshmasligi kerak. Shuningdek, mikroqarz oluvchi yil davomida barcha foizlar, komissiyalar, jarimalar, penyalar va boshqa to‘lovlarni hisobga olgan holda olingan summaning 50 foizidan ortiq to‘lashi mumkin emas.

2024-yilning birinchi yarmida barcha kredit shartnomalarining qariyb 23 foizi rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslar bilan tuzilgan. Ikkinchi yarim yillikda bu ko‘rsatkich 13 foizgacha pasaydi, biroq bunday qarz oluvchilar uchun yuqori xavf darajalari saqlanib qolmoqda.

Tijorat banklari portfelida bir nechta kreditga ega bo‘lgan qarz oluvchilar sonining ko‘payishi banklar o‘rtasida “yuqish xavfi”ni oshirishi mumkin: bir mijozning to‘lov qobiliyatining yomonlashishi bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarda aktivlar sifatiga ta’sir qiladi.

2024-yil davomida kredit olgan jismoniy shaxslarning 68 foizi bittadan ortiq kredit majburiyatiga ega bo‘lgan. Avtokredit va ipoteka oluvchilar orasida bunday qarz oluvchilarning ulushi mos ravishda 42% va 48% ni tashkil etdi. Mikrokreditlash segmentida bu ko‘rsatkich 70 foizga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kredit bo‘yicha garovni olib qo‘yish shartlari o‘zgardi. Yangi tartib qarzdorlik uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilgan taqdirda ishlaydi.

Izohlar

Mavzuga oid