Ayrim o‘zbekistonliklarga xususiy bog‘chalar uchun to‘lovlar kompensatsiya qilinadi
Bolalar ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi.

O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun xususiy bog‘chalar to‘lovining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi, deyiladi hukumat qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalar to‘lovi kompensatsiyasini “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar olishi mumkin bo‘ladi. Qayd etilishicha, bunday kompensatsiya to‘lanishi lozim bo‘lgan bolalar ro‘yxati axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Ushbu chora-tadbirni amalga oshirish uchun hokimiyat organlari oilaviy nodavlat bolalar bog‘chalariga tegishli hududda 9 soatlik ish rejimiga ega bo‘lgan umumiy turdagi davlat bolalar bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovi miqdorining 40 foizini ajratadi. Bunda kompensatsiya oilaviy bolalar bog‘chasiga qatnaydigan ko‘rsatib o‘tilgan toifadagi bolalarning amaldagi sonidan kelib chiqib, biroq o‘rinlarning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda bolalar uchun to‘garak xarajatlarining 80 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi haqida xabar berilgan edi. Opsiya kam ta’minlangan oilalar uchun mavjud bo‘ladi.
Izohlar