24 Mart 2025, 12:46 Oʻzbekiston

Yomgʻir bilan keskin sovuq: haftalik ob-havo

Respublikaning gʻarbiy hududlariga nam havo oqimi kirib keldi, togʻli hududlarda qor koʻchkisi xavfi mavjud.

Yomgʻir bilan keskin sovuq: haftalik ob-havo

Oʻzgidromet xabar berishicha, 24-28-mart kunlari Oʻzbekistonda yomgʻirli ob-havo kuzatiladi, togʻli hududlarda qor koʻchkisi xavfi saqlanadi.

Uzoq davom etgan quruq va iliq ob-havodan soʻng, kunduzi havo harorati 27-29 daraja, ayrim joylarda 30-32 darajagacha koʻtarilgandan keyin, 23-mart kuni respublikaning gʻarbiy hududlariga nam va nisbatan salqin havo oqimi kirib keldi.

Qoraqalpogʻiston, Xorazm va Navoiy viloyatlarida yomgʻir yogʻdi, ayrim joylarda kuchli boʻldi. 24-mart kuni nam havo oqimi butun Oʻzbekiston hududiga tarqaldi. Respublika boʻylab yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda kuchli boʻlib, chaqmoq chaqqan holda kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati 12-15 daraja iliq atrofida boʻladi.

Beqaror ob-havo ish haftasining oxirigacha davom etadi. Respublika hududida ayrim joylarda yomgʻir yogʻishi saqlanib qoladi, faqat 26-28-mart kunlari Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomgʻir yogʻishi ehtimoli past.

Bu kunlarda havo harorati asta-sekin pasayib, kechasi 4-6 daraja, kunduzi 8-13 daraja iliq boʻladi. Togʻ oldi va togʻli hududlarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qorga aylanishi mumkin) kuzatiladi, 24-25-mart kunlari ayrim joylarda kuchli boʻladi.

Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel va suv toshqini xavfi mavjud. 24-25-mart kunlari respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchkisi xavfi yuqori.

Toshkentda: 24-mart kuni yomgʻir yogʻadi. Shamol 3-8 m/s tezlikda esib, 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 15-17 daraja iliq. 25-mart kuni yomgʻir yogʻadi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechasi 6-8 daraja, kunduzi 12-14 daraja iliq boʻladi. 26-27-mart kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechasi 4-6 daraja iliq, kunduzi 8-10 darajagacha pasayadi.

Mashhur yangiliklar