17 Iyul 2024, 12:41 Oʻzbekiston

Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi eʼlon qilindi

Xorijdagi vatandoshlarga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi eʼlon qilindi

Oʻzbekiston Respublikasining “Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.

Loyihada Oʻzbekiston tomonidan xorijdagi vatandoshlarga koʻmaklashish, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Loyihada xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yoʻnalishlari, ragʻbatlantirish usullari belgilanmoqda.

Jumladan, Oʻzbekistonning xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari va Oʻzbekiston xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam koʻrsatish;
  • Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish, uni dunyoda oʻrganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida oʻzbek tilini, madaniyatini va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan vatandoshlarimizning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishni istagan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
  • Oʻzbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
  • Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.

Oʻzbekiston madaniyat, ilm-fan, taʼlim va axborot sohalarida hamda iqtisodiy sohada xorijdagi vatandoshlar va ularning tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlaydi, ular bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil qiladi.

Taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi natijasida xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi. Xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yoʻnalishlari, ragʻbatlantirish usullari belgilanadi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirishga erishiladi.

Mashhur yangiliklar