Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlish kerakligi belgilandi
Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravari miqdorida boj toʻlash kerak. Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab boʻladi.
2-iyul prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi. Qonun Qonunchilik palatasida 26-mart kuni qabul qilinib, Senat tomonidan 18-may kuni maʼqullangandi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchaga koʻra, Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Bunda, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.
Shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (68 mln soʻm) etib belgilandi.
Bundan tashqari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha faoliyatini litsenziyalaganlik uchun toʻlanadigan davlat boji BHMning 10 baravari (3 mln 400 ming soʻm) etib belgilandi. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.
Мавзуга оид хабарлар:
Umra tadbirlarini oʻtkazish uchun litsenziya olgan turfirmalar nomi eʼlon qilindi “O‘zbekkonsert”ni ogohlantirmay xorijda konsert bergan san’atkorlarning litsenziyasi to‘xtatiladi Umra litsenziyasini olish uchun yangi talablar e’lon qilindi Umra mavsumi qachondan boshlanishi eʼlon qilindi “O‘zbekkonsert” fuqarolarni litsenziyasiz san’atkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirdi