18 Iyul 2024, 08:17 Oʻzbekiston

Tuman hokimlari oʻz hududlarida mahsulot koʻpaytirishga hisobdor boʻladi

Qolaversa, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tumanlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash borasidagi tajribasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Tuman hokimlari oʻz hududlarida mahsulot koʻpaytirishga hisobdor boʻladi

Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda hukumatning iqtisodiyot, moliya va kambagʻallikni qisqartirish kompleksidagi ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Prezident Fargʻona viloyati misolida “juda katta resurslar hali ishga solinmaganini” taʼkidladi.

Davlat rahbari bundan buyon tuman hokimlarining oʻz hududida mahsulotni koʻpaytirish boʻyicha hisobdorligi boʻlishini aytdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hududiy ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha 10 ta hisobdorlik koʻrsatkichini belgilash topshirildi.

U Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari oʻzini oqlaganini hisobga olib, ularga “yangi surʼat bagʻishlash zarurligini” taʼkidladi. Jumladan, hali 4 ming 122 ta mahallada ixtisoslashuv darajasi pastligini qayd etdi.

Yil yakunigacha “Sayxunobod tajribasi” doirasida xonadonbay ishlash tizimi asosida har bir mahalladagi xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib berilishi belgilandi. Bu orqali 495 ming aholi bandligini taʼminlash kutilmoqda.

Mutasaddilarga ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovini 1,5 barobar oshirib, 4 trln soʻm ajratish topshirildi. Yil yakunigacha kamida 50 ta yangi mikro-moliyalash tashkilotini ochib, ularni kreditlashga 1 trln soʻm resurs berish vazifasi qoʻyildi.

Mashhur yangiliklar