Toshkentda noqonuniy egallab olingan bolalar maydonchalari va yashil hududlar qaytarila boshlandi
Bosh prokuratura bu kabi yuzlab holatlarni aniqlagan.

Toshkentda noqonuniy qurilgan yashil hududlar va bolalar maydonchalarini qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, deyiladi “O‘zbekiston 24” reportajida.
Bosh prokuratura poytaxtda 374 ta shunday holatni aniqladi. Mirzo Ulug‘bek tumanida 56 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Mahallalardan biridagi 27 sotix yer maydoni tuman prokuraturasi qarori bilan davlat zaxirasiga qaytarilgan. Hozirda 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yunusobod, Yakkasaroy tumanlarida jami 318 ta yerdan noqonuniy foydalanish holatlari qayd etilgan. “O‘zbekkosmos” tahlil uchun arxiv aerokosmik suratlari qo‘llanilishini ta’kidladi. 2018-2019-yillardagi tasvirlarni dolzarb ma’lumotlar bilan taqqoslash ko‘plab qoidabuzarliklarni ko‘rsatdi.
Avvalroq prezident bolalar maydonchalari va yashil hududlardagi qurilishlardan norozilik bildirgandi. Endilikda mas’ul idoralar kosmosdan olingan suratlar orqali vaziyatni kuzatib boradi.
Izohlar