O‘zbekiston

Prezident bolalar maydonchalari va yashil hududlardagi qurilishlardan norozi bo‘ldi

Endilikda mas’ul idoralar kosmosdan olingan suratlar orqali vaziyatni kuzatib boradi.

Prezident bolalar maydonchalari va yashil hududlardagi qurilishlardan norozi bo‘ldi

Prezident aholi uchun yashil hududlar va bog‘lar yo‘qligi uchun mas’ullarni koyidi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarining aytishicha, Toshkent shahri va viloyat markazlarining birorta hokimi bo‘sh maydonlarni topish va yashil hududlarni, odamlar ochiq havoda o‘tirishi mumkin bo‘lgan joylarni, sport maydonchalari va favvoralarni ko‘paytirish haqida o‘ylab ko‘rmagan. Odamlar sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, uylar orasidagi yashil hududlar qurilish uchun berilayotganidan norozi.

“Barcha ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga biriktirib berish bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin, Toshkent shahri hokimining 5 maydagi qarori bilan 9 ming 802 ta ko‘p qavatli uylarning faqatgina bino ostidagi yerlari kadastr bilan biriktirilgan. Maqsadi bitta – qolgan yerlarni qurilish qilish uchun tadbirkorlarga sotish! Qani topshiriq nazorati? Qani qonunning kuchi?” — dedi prezident.

Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov va adliya vaziri Akbar Toshqulovga “O‘zbekkosmos” va Kadastr agentligi bilan birgalikda “yashil” hududlar, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari maqsadsiz ajratilgan barcha hududlarni aniqlab, joyiga qaytarish topshirildi.

Mavzuga doir: Aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi — prezident. Shavkat Mirziyoyev tirbandliklarning oldini olishi kerak bo‘lgan yo‘llardagi kameralar faqat jarima uchun ishlatilayotganini qo‘shimcha qildi.

Izohlar

Mavzuga oid