Toshkentda Mubashshir Ahmadga hukm o‘qildi va kanali bloklandi
Huquqbuzarga 2,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Toshkentda ijtimoiy tarmoqlarda taqiqlangan diniy mazmundagi materiallarni tarqatgan Mubashshir Ahmad laqabi bilan tanilgan Alisher Tursunovga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 51 yoshli erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish), 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi erkakni aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bundan tashqari, sud “Mubashshir Ahmad” va “Azon Global — muqobil axborot-tahliliy kanali” sahifalari faoliyatini ham qonunga xilof deb topib, ularni bloklash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Avvalroq O‘zbekistonda ekstremistik materiallar ro‘yxati yangilangani haqida xabar berilgan edi. Yangi versiyaga mingdan ortiq taqiqlangan kontent manbalari kiritilgan.
Izohlar