Toshkentda hojatxona qog‘ozlari bilan “kontent” olgan bloger jarimaga tortildi
Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB tomonidan o’rganilgan.
Instagramda “Jasjan” nomi bilan tanilgan bloger Jasur Shodiyev hojatxona qog‘ozlari bilan ekologiyaga zarar yetkazgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Bloger hojatxona qog‘ozlarini yig‘ib, ustiga chiqqani, ostidan esa mashina o‘tib ketayotguncha sakragani aks etgan videoni tarmoqdagi sahifasiga joylagan. Hayot uchun xavfli holat aks etgan videodan so‘ng bloger har tarafga sochilgan qog‘ozlarni yig‘masdan ketgan. Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB tomonidan o’rganilgan. Natijada Shodiyev atrof-muhitni ifloslantirib, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni qasddan, jamoaviy sodir etgani aniqlangan.
Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming so’m miqdorida jarimaga tortilgan.
Ta’kidlanishicha, avval ham Shodiyev tomonidan shunday huquqbuzarlik sodir etilgan. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda va qat’iy choralar ko‘riladi. Blogerning hamrohlari shaxsiga ham aniqlik kiritilmoqda, ularga ham qonuniy chora ko‘riladi.
2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan. Bu esa atrof-muhitni muhofaza qilish eng muhim masalalardan biri ekanini anglatadi. Bu boradagi har qanday huquqbuzarlik qat’iy javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi Ekologiya vazirligi xabarida.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda bloger mototsiklda 310 km/soat tezlikda harakatlandi Raqobat qo‘mitasi Texnomart’ni jarimaga tortdi Toshkent viloyati Sibir tog‘ echkisi ovlangani aniqlandi Koreyada ish joyini tashlab ketgan o‘zbekistonliklarning kafillaridan 2 mlrd so‘m undirildi Qo‘shiqchi Kanizani haqorat qilgan ikki yigit jarimaga tortildi