O‘zbekiston

Toshkent viloyatidagi maktabda o‘quvchilar hokim qarori bilan yetti yilga sport zalidan mahrum qilindi

Senator Malika Qodirxonova mas’ul idoralardan vaziyatni o‘rganishni so‘radi.

????????????????????????????????????

Senator Malika Qodirxonova Toshkent viloyatidagi umumta’lim muassasalarida bo‘lib, maktablarning moddiy-texnik holati va infratuzilmasi bilan bog‘liq bir qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi va shu munosabat bilan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini tushuntirib berishni so‘rab, senator so‘rovi yubordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nurafshon shahri “Oppoq” mahallasida joylashgan 10-umumta’lim maktabida Malika Qodirxonova to‘siqlar yo‘qligi, shu sababli maktabning turar-joy hududi bilan chegaradosh bo‘lgan 900 metrlik qismi ochiq qolganini ta’kidlagan. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim muassasasi hududidagi daraxtlar va manzarali daraxtzorlarning shikastlanishiga olib kelmoqda. Qayd etilishicha, viloyatlar hokimliklari maktablarni o‘rab olishlari va ularning xavfsizligi uchun boshqa choralar ko‘rishlari shart.

Bundan tashqari, senator Zangiota tumani Ibrat mahallasida joylashgan 21-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilar uchun sport zali yo‘qligini ta’kidladi. Maktab sport zali Zangiota tumani hokimining 2017 yil 26 yanvardagi qarori asosida buzib tashlangan. Biroq oradan yetti yil o‘tgan bo‘lsa-da, yangi sport zali qurilmagani sababli bolalar uchun jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini to‘laqonli tashkil etishning imkoni bo‘lmayapti.

Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi Malika Qodirxonova mutasaddi tashkilotlardan Nurafshon shahridagi 10-maktabda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash hamda Zangiota tumanidagi 21-maktabda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari uchun zarur bo‘lgan sport inshooti qurilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘radi.

Avvalroq hukumat 2025-yil oxirigacha maktablar yaqinida harakat xavfsizligini kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. 2025-yilning uch oyi davomida O‘zbekistonda bolalar ishtirokida yoki maktablar yaqinida birorta ham YTH qayd etilmagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная