O‘zbekiston

Rasmiylar 2025-yil oxirigacha maktablar yaqinidagi harakat xavfsizligini kuchaytirishni rejalashtirmoqda

2025-yilning uch oyi davomida O‘zbekistonda bolalar ishtirokida yoki maktablar yaqinida birorta ham YTH qayd etilmagan.

Rasmiylar 2025-yil oxirigacha maktablar yaqinidagi harakat xavfsizligini kuchaytirishni rejalashtirmoqda

“Gazeta.uz”ning Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025-yilning yanvaridan martigacha O‘zbekistonda maktablar yaqinida voyaga yetmaganlar ishtirokida birorta ham YTH qayd etilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 10 770 ta maktab mavjud bo‘lib, ularda 6,7 millionga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Qayd etilishicha, “Xavfsiz bolalik” dasturi doirasida maktablar yaqinida 208 dona tugmachali va 217 dona ko‘chma svetoforlar, 1599 dona sun’iy noravonliklar, 7598 dona metall to‘siqlar va 109 dona kameralar o‘rnatilgan.

Shuningdek, Fransiya tajribasi asosida 865 ta ko‘tarma piyodalar o‘tish joyi jihozlandi. Bundan tashqari, YHXBning ta’lim muassasalari bilan hamkorlik guruhi katta inspektori Farrux Mirzaboyev 5150 ta maktabda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha maxsus sinflar tashkil etilgani, o‘quvchilar uchun 42 300 dan ortiq “xavfsiz yo‘nalish xaritalari” ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Yo‘l bo‘yida joylashgan maktablarga patrul xizmati xodimlari biriktirilgan. Ular o‘z xizmatlarini soat 7:00 da boshlaydilar va bolalarni yo‘ldan o‘tkazish uchun mas’uldirlar. Ushbu ishlar natijasida joriy yilning birinchi choragida maktablar oldida voyaga yetmaganlar ishtirokida birorta ham YTH sodir bo‘lmadi, – deydi mutaxassis.

Qayd etilishicha, 2025-yilda ushbu dastur doirasida avtomobil yo‘llarida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • 3224 ta yo‘l belgilarini o‘rnatish;
  • 325 km uzunlikdagi trotuarlarni tashkil etish;
  • 28 ta yer osti yoki yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurish;
  • 410 ta maktabga radarlar o‘rnatish.

Shahar ko‘chalarida quyidagilar rejalashtirilgan:

  • 320 ta ko‘tarma piyodalar o‘tish joylari va 650 ta sun’iy notekisliklar o‘rnatish;
  • tugmachali 272 ta svetofor o‘rnatish;
  • 197 km trotuarlar qurish;
  • 2491 ta maktabda harakat xavfsizligi bo‘yicha sinflar ishini tashkil etadi.

Avvalroq O‘zbekistonda bolalarni mashina haydashiga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi xabar qilingandi. Prezident maktab o‘quvchilarining avtomashinalarni ijaraga olib, ko‘pincha o‘limga olib keladigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘layotgani muammosiga e’tibor qaratdi.

Izohlar

Mavzuga oid