5 Oktabr 2024, 16:30 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida yovvoyi cho‘chqani otib o‘ldirganlar jarimaga tortildi

Angren shahrida yovvoyi cho‘chqani noqonuniy tarzda otib o‘ldirganlar jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Toshkent viloyatida yovvoyi cho‘chqani otib o‘ldirganlar jarimaga tortildi

Kecha, 4 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahrida yovvoyi cho‘chqani noqonuniy tarzda otib o‘ldirganlar jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birgalikda Angren shahri “Jigariston” MFY hududida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir davomida fuqarolar I.Z. va Y.B. tomonidan yovvoyi cho‘chqani mahallaning tog‘li hududida ov qurolida otib o‘ldirganlik holati aniqlangan. Oqibatda hayvonot dunyosiga 16 million 875 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga 7 million 500 ming so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanilgan.

Mashhur yangiliklar