5 Avgust 2024, 13:48 Oʻzbekiston

Toshkent viloyatida ko‘p qavatli uy cho‘kkani haqida xabarlar tarqaldi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi buni rad etdi.

Toshkent viloyatida ko‘p qavatli uy cho‘kkani haqida xabarlar tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi turar joy binosi cho‘kkani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi buni rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, shunday deb talqin qilingan videodagi holat aslida Namangan viloyatida aniqlangan. Holat viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Aniqlanishicha, mazkur holatga ichimlik suvi tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan. Suv sizib chiqib, binoning ikki yon tomonida to‘planishi natijasida turar joy atrofidagi beton yo‘lak (otmoska)larda cho‘kish hosil bo‘lgan va granit plitalar binoning poydevoridan ko‘chgan.

Asosi va yerto‘la qismi o‘rganilganda esa yon va to‘suvchi devorlarda yorilish hamda pol qismida cho‘kish holatlari kuzatilmagan.

Quruvchi tomonidan muammo aniqlanishi bilan joyida binoning ikki yon tomon yo‘lagidagi cho‘kish holati bartaraf etilib, beton yo‘laklari qayta taʼmirlangan hamda sokol qismidagi poydevordan ko‘chgan granit plitalar joyiga o‘rnatilib, holat bartaraf etilgan.

Mashhur yangiliklar