Toshkent viloyatida Bojxona qo‘mitasi nomidan internetda soxta sahifalar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyatidan 22 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 5 nafar shaxs bojxona tizimi nomidan Telegram va Instagramda “Musodara qilingan mahsulotlar” va “Ulgurji ombor” nomli kanal va guruhlar tashkil qilgan. Shuningdek, ular tizim xodimlari tomonidan 10 ga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini tanishtirgan.

Jinoyatchilar uy jihozlari, muzlatgich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan, so‘nggi rusumdagi iPhone telefonlari, shuningdek, kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, hatto mavjud bo‘lmagan motoskuterlarni ham yetkazib berishni va’da qilgan.

To‘lovlarning ma’lum qismi boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan. Firibgarlar 60 nafar fuqaroning 117 mln so‘m pullarini o‘zlashtirib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflashga ulgurgan. Tovar talab qilgan yoki firibgarlar bilan qayta bog‘lanishga uringan jabrlanuvchilar javobsiz qolib, “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “g” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar hibsga olingan. Fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda. Tergov boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklarni yana soxta Grin-karta qaydnomalari bilan aldash boshlangandi. Firibgarlar fuqarolarga g‘alaba qozonish uchun “yuqori imkoniyatlar”ni va’da qilmoqda.