Toshkent metrosi yanada uzun bo‘ladi
Rasmiylar yo‘llardagi tirbandlikka qarshi kurashish uchun jamoat transportiga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.

Prezidentning “Transport boshqaruvi tizimini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2030-yilgacha bo‘lgan qarori tasdiqlandi.
Hujjatda jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushini 60 foizga yetkazish, shahar avtobuslari harakatini hozirgi 18 km/soatdan 24 km/soatga tezlashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 150 ming avtoturargoh o‘rni yaratish va metropolitenni 103 kmgacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Poytaxtda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ham paydo bo‘ladi. U transport, piyodalar va yo‘lovchilar oqimini kuzatish, yangi transport bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yer usti metro liniyalari va yo‘l o‘tkazgichlar ostida ko‘p qavatli avtoturargohlar va to‘xtash joylarini yaratish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida aqlli transport tizimi joriy etilmoqda. U quyidagilarni nazarda tutadi:
- videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyodalar va yo‘lovchilar oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish;
- transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish asosida svetoforlarni boshqarish va svetoforni tartibga solish fazalarini avtomatik sozlash;
- harakat jadvalidan chetga chiqilgan taqdirda maxsus va jamoat transporti harakati ustuvorligini ta’minlash;
- avtotransport vositalarining, shu jumladan maxsus texnikaning harakatlanishi monitoringi, shuningdek qurilish va boshqa texnikaning ixtisoslashtirilgan mexanizmlari ishini nazorat qilish;
- yo‘l-transport hodisalari xavfi yuqori bo‘lgan uchastkalarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosida yo‘lovchilar bekatlar oralig‘ida qolib ketgan edi. Tarkiblar deyarli 15 daqiqa davomida harakatlanmagan.
Izohlar