Hokimlik ishchilari yoz chillasida Shota Rustaveli aholisining konditsionerlarini uzib qo‘ydi
Texnikalar fasadlardan olib tashlanib, noma’lum yo‘nalishga olib ketilmoqda va bu prezidentning tez oradagi tashrifi bilan izohlanyapti.

Toshkentda 9-iyul kuni hokimlik xodimlari Shota Rustaveli ko‘chasidagi 9-uyda yashovchilarning konditsionerlarini olib, noma’lum tomonga olib ketishdi, deb xabar berdi Nikita Makarenko.
Ishchilar Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganovaning ko‘rsatmalariga tayanmoqda. Konditsionerlarning olib ketilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning yangilangan Shota Rustaveli ko‘chasini ko‘zdan kechirish uchun rejalashtirilgan tashrifi bilan bog‘liq.
Shahar ma’muriyatining fikricha, aftidan, uylar fasadidagi konditsionerlar ko‘rinishni buzadi va davlat rahbari tomonidan ko‘chaga salbiy baho berilishiga olib kelishi mumkin.
“Ishonchim komilki, hurmatli yurtboshimiz xususiy mulkni o‘g‘irlashni ma’qullamaydi. Va shahar hokimligidan davlat rahbarining tashrifi niqobi ostida jinoyatlar bilan shug‘ullanishni to‘xtatishni so‘rayman”, — dedi Nikita Makarenko.
Eslatib o‘tamiz, konditsionerlarning o‘g‘irlanishi yoz mavsumining eng qizg‘in pallasida sodir bo‘ladi, avvalroq Toshkent so‘nggi 157 yil ichida eng issiq 4 iyulni boshdan kechirgandi. Mutlaq rekordga 1 daraja yetmay qolgan.
Avvalroq Toshkentda besh kun ichida «prezident uchun» savdo markazlari qurib, yopilgandi. Davlatimiz rahbari tashrifidan so‘ng mahsulotlar olib chiqila boshlandi.
Izohlar