8 Yanvar 2025, 10:48 Oʻzbekiston

Toshkent avtobuslarida yoʻl haqini naqd pulda toʻlaganlar jarimaga tortilishi rad etildi

Transport vazirligiga ko‘ra, poytaxtdagi avtobuslarda naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asossiz.

Toshkent avtobuslarida yoʻl haqini naqd pulda toʻlaganlar jarimaga tortilishi rad etildi

Toshkentdagi avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan boshlab naqd pul qabul qilish to‘xtatilgandi. Keyinroq Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev O‘zAga Toshkentdagi avtobuslarda yo‘l haqini naqd ko‘rinishida berganlar jarimaga tortilishini aytgandi.

“Agar yo‘lovchi yo‘l haqini naqd ko‘rinishda qabul qiladigan bo‘lsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak. Vaziyat Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi safar ogohlantirish beriladi. Ogohlantirishga qaramasdan huquqbuzarlik takrorlanadigan bo‘lsa, o‘rnatilgan tartibda haydovchiga ham yo‘lovchiga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi”, degan edi Salimjon Nishonboyev.

Transport vazirligining munosabatida qayd etilishicha, tarmoqlarda Toshkent shahar avtobus yo‘nalishlarida naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risida asossiz ma’lumotlar joylanmoqda.

Vazirlik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasini keltirdi. Unga ko‘ra, yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Mashhur yangiliklar