5 Iyul 2024, 16:32 Oʻzbekiston

Talablarni toʻliq bajarmagani uchun 90 ming abituriyent arizasi rad etildi

Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning 806 ming nafari testda qatnashish shartlarini toʻliq bajardi. Ular uchun 40 mingdan ortiq yangi test topshirigʻi tuzilgan, 73 ta yopiq turdagi katta sigʻimli bino tayyorlanyapti. Bir kunda 70 mingdan ortiq abituriyent test topshiradi.

Talablarni toʻliq bajarmagani uchun 90 ming abituriyent arizasi rad etildi

Davlat imtihonlari uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarning 805 ming 688 nafari test sinovlarida ishtirok etish shartlarini toʻliq bajargan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.

Agentlik maʼlumotiga koʻra, jami 894 ming 279 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan va roʻyxatdan oʻtish talablarini toʻliq bajargan 805 ming 688 nafar abituriyentga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan. Bu 2023-yilda – 948 ming 486 nafar edi. Abituriyentlarning 52,4 foizini xotin-qizlar, 47,6 foizini erkaklar tashkil qilgan. 60,7 foiz abituriyent esa test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan toʻlovdan ozod etilgan.

Shuningdek, agentlik doimiy yashash hududi boʻyicha eng koʻp roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar boʻyicha ham maʼlumot bergan. Unga koʻra, eng koʻp Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Fargʻona viloyatida 79 808 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

Koʻrsatilishicha, abituriyentlarning 46 ming 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlariga, 12 ming 851 nafari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan. Roʻyxatdan oʻtishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan. Ularning 20 ming 63 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Bundan tashqari, 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

Agentlikka koʻra, test sinovlarini sifatli tashkil etish va oʻtkazish uchun 73 ta yopiq turdagi katta sigʻimli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176 ta guruhda 35 ming 280 nafar, bir kunda esa 70 ming 560 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi va test sinovlari 12 kun davomida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

BMBA test sinovlari uchun 2 690 nafar guruh nazoratchisi keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov oʻtkazish orqali tanlab olinganini maʼlum qilgan. Bundan tashqari, gapirish va eshitishda nuqsoni boʻlgan abituriyentlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etilishi koʻrsatilgan. Agentlik test sinovlarida foydalaniladigan 15 ta (tillar kesimida 29 ta) umumtaʼlim fanidan 40 mingdan ortiq yangi test topshirigʻi shakllantirilgani va ekspertizadan oʻtkazilganini bildirgan.

Mashhur yangiliklar