Surxondaryoda toshbaqaga nos chektirgan yigitlar jarimaga tortildi
Denov tumanida O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasiga majburiy ravishda nos chektirgan yigitlar jazolandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar fuqaro O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasiga majburiy ravishda nos chektirgani haqida xabar tarqaldi. Ekologiya vazirligi axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat IIB hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida yuqoridagi holat Denov tumani “Yangikuch” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar H.N. va M.N. tomonidan aprel oyi boshlarida sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
Ya’ni H.N. ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasiga joylash uchun mahallasidagi dashtlikdan toshbaqani ushlab, nos chektirgan.
Holat yuzasidan ikki nafar fuqaroning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga asosan BHMning 3 barobari — 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.