Surxondaryoda qariyb 40 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish aniqlandi
Mutaxassislar tanlovni bekor qilib, ishni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirgan.

Surxondaryo viloyatida mutaxassislar davlat xaridlarida 38,5 milliard so‘mlik qonunbuzarlik holatlarini aniqladi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan “SurxondaryoQurilishInvest” tashkiloti buyurtmasiga asosan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, muassasa Boysun tumanidagi “Xongaronsoy” sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv tarmoqlarini qurish bo‘yicha tender e’lon qilgan. Loyihaning boshlang‘ich bahosi — 38,5 mlrd so‘m.
Tanlovda 36,5 mlrd so‘mlik ariza topshirgan “D.Y.T” kompaniyasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, 38,5 mlrd so‘mlik ariza topshirgan “M.I.T” tashkiloti zaxira g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, mutaxassislar tenderda ishtirok etgan yana bir kompaniyaga nisbatan soliq qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida noqonuniy ravishda soxta ma’lumotlar kiritilganini aniqladi.
Natijada korxona tender jarayonidan asossiz ravishda chetlatildi. Vazirlik xodimlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, davlat xaridi bekor qilindi va to‘plangan hujjatlar o‘rganish va huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 3 ta davlat xaridida 1,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida xabar berilgandi. Hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Izohlar