O‘zbekiston

SSV: Jazirama issiq allergiya chaqirishi mumkin

O‘zbekistonliklarga faollik yuqori bo‘lgan vaqtda quyosh ostida bo‘lmaslik tavsiya qilindi.

O‘zbekistonda juda issiq ob-havo saqlanib qolmoqda, quyosh radiatsiyasi esa allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Ayniqsa, ultrabinafsha (UB) nurlanish darajasi yuqori bo‘lgan davrlar xavflidir — bunday kunlarda fotodermatoz rivojlanish xavfi ortadi.

Respublika Allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy markazi direktori Ilmira Razikova anomal issiq sharoitida teri quyosh nuriga sezgir bo‘lib qolishini eslatib o‘tdi. Ultrabinafsha nurlar ta’sirida teridagi yoki organizm ichidagi moddalar bilan birgalikda allergik reaksiya rivojlanishi mumkin.

Fotodermatoz toshma, qizarish, pufakchalar, po‘st tashlash va qichishish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Odatda tananing ochiq qismlari — ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘llar zararlanadi. Birinchi alomatlar quyosh ta’siridan keyin bir necha soat ichida paydo bo‘lishi va bir haftagacha davom etishi mumkin.

Aksariyat hollarda kasallik davolanadi, ammo surunkali shaklga o‘tishi mumkin.

Shifokorlar issiq kunlarda iloji boricha soyada, ayniqsa, soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida qolishni tavsiya qiladi. Yaxshisi, yopiq kiyim kiyish va sezgir teri uchun mo‘ljallangan quyoshdan himoyalovchi kremlardan foydalanish kerak.

Ba’zi dorilar ultrabinafsha nurlarga sezgirlikni oshiradi. Xususan, eritromitsin, tetratsiklin va streptomitsin fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki uning belgilarini kuchaytirishi mumkin. Ushbu tarkibiy qismlar bilan surtmalarni qo‘llaydigan bemorlarga kunduzi ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi.

Fotodermatozning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan Respublika allergologiya va klinik immunologiya markazi yoki uning hududiy filiallariga murojaat qilish lozim.

Eslatib o‘tamiz, 21-24-iyul kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘ladi, ba’zi joylarda shamol tezlashib, chang-to‘zonlar kuzatiladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная