31-dekabr, Yangi yil bayrami arafasida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekiston aholisiga bayram kunlarida ovqatlanishga beparvolik bilan yondashmaslikka chaqiruvchi murojaatni e’lon qildi.

Fuqarolar an’anaviy ravishda yangi yil dasturxoniga turli xil taomlar tayyorlaydilar. Lekin shuni unutmaslik kerakki, bayram kunlari yog‘li, qovurilgan, sho‘r va shirin taomlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish oshqozon-ichak, jigar, yurak-qon tomir tizimi va qand almashinuviga ortiqcha yuklama beradi.

Ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarda bunday holat kasallikning zo‘rayishiga olib kelishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram kunlari ovqatlanishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

  • qovurilgan va qiyin hazm bo‘ladigan ovqatlar o‘rniga qaynatilgan, dimlangan yoki bug‘da pishirilgan mahsulotlarni tanlang;
  • mayonezli salatlar, go‘sht mahsulotlari va tuzlangan mahsulotlar iste’molini cheklang;
  • sabzavotlar, ko‘katlar va tabiiy mevalarni afzal ko‘ring;
  • shirinliklarni me’yorida iste’mol qiling, shirin ichimliklar o‘rniga toza ichimlik suvi yoki ko‘k choy iching;
  • ovqatni sekin, belgilangan vaqtda iste’mol qiling va kechqurun ko‘p ovqatlanishdan saqlaning.
  • Shuningdek, bayramlarda suvni yetarlicha iste’mol qilish organizmda moddalar almashinuvini ta’minlash va umumiy holatni barqaror saqlashga yordam beradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni Yangi yilni quvonch va yaxshi kayfiyat bilan, ammo salomatlikka mas’uliyat bilan yondashgan holda kutib olishga chaqiradi. Ongli va muvozanatli ovqatlanish sizga bayram quvonchini kamaytirmasdan, Yangi yilda sog‘lom qadam tashlash imkonini beradi, — deyiladi xabarda.