Sirdaryoda haydovchidan pora talab qilgan YPX inspektori qamaldi
Namanganda esa YPX xodimiga pora taklif qilgan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sirdaryo viloyatida haydovchidan pora talab qilgan YPX inspektori qamaldi, Namanganda YPX xodimiga pora taklif qilgan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sirdaryo viloyatidagi holatda YHXX katta inspektori yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchining ishini uning foydasiga hal qilishni va hodisada jabrlangan yo‘lovchilardan birining tan jarohati bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilib, 400 dollar talab qilgan.
Haydovchining buncha puli bo‘lmagan va u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘tkazilib, inspektor o‘z xizmat xonasida 200 dollarni olayotganida ushlangan.
Inspektorning ishi sudda ko‘rib chiqilgan. U Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida sodir bo‘lgan holatda YPX inspektori “Jiguli” avtomobilini to‘xtatib, haydovchidan hujjatlarini so‘raganda u qalbaki haydovchilik guvohnomasini taqdim etgani uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini jarima maydoniga joylashtirgan.
Fuqaro qalbaki haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga yubormaslik hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 150 dollarni pora sifatida taklif qilgan.
Inspektor fuqaroning bu harakatlari noqonuniyligi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida uni bir necha bora ogohlantirganiga qaramay, fuqaro takroran pora taklif qilib kelgan.
YPX xodimi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan va tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro inspektorga 100 dollar va 600 ming so‘m pulni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Sirdaryoda sobiq ayolini do‘pposlab, sochini qirib tashlagan erkakka hukm o‘qildi Sirdaryoda MChJ 5,25 mlrd soʻmlik gaz oʻgʻirlagani aniqlandi Fuqarolarga qarzdorligini “nol” qilib berishini aytgan gazchi va hisobchi ushlandi Sirdaryoda qiymati 5 mlrd so‘mdan ziyod gaz o‘g‘irlandi Sirdaryoda fuqaro 683 mln so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalangani aniqlandi