Sho‘rchi tumaniga yangi hokim tayinlandi
Akbarali Ishmurzoyev Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumaniga hokim etib tayinlandi.
25-sentabr kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Sho‘rchi tumanida Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Sho‘rchi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi.
Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Ulug‘bek Zokirov (2023-yil yanvarida tayinlangan) boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganini bildirib, Akbarali Ishmurzoyev nomzodini hokim etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Akbarali Ishmurzoyev 1982-yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2003 va 2009-yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — transport vositalaridan foydalanish, moliya.
Faoliyati davomida ijro hokimiyati organlarida turli lavozimlarda, xususan, Uzun va Angor tumani hokimlarining o‘rinbosari vazifasida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Ishmurzoyev 2023-yildan buyon Denov tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Мавзуга оид хабарлар:
“Toshshahartransxizmat”ga yangi rais tayinlandi Bo‘zatov tumaniga yangi hokim tayinlandi Shavkat Mirziyoyev 9 nafar senatorni tayinladi Yangiyo‘l shahriga yangi hokim tayinlandi Oʻzbekistonning Indoneziyadagi yangi elchisi tayinlandi