Qiz farzandli boʻlsa, uni axlatga tashlashini aytgan blogerga jinoyat ishi ochildi
Sardor gangster taxallusi bilan chiqish qiladigan tiktokerga nisbatan xotin-qizlar qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlagani uchun jinoiy ish ochildi.
TikTok va YouTube platformalarida Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qilgan Sardor Safarboyevga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Zamon dasturida xabar berildi.
Bloger ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videosida qiz farzand ko‘rmasligini, xotini qiz farzand tug‘sa, chiqindiga tashlashini aytgan.
Men qiz farzand ko‘rmayman. Agar qiz farzand ko‘rsam, xotindan oldirib tashlayman. Qiz kerakmas. Xotin tuqqanidan shunday boraman, qizmi, chiqindi idishga otib yubor, deyman. Kerakmas. Men do‘zaxga kirsam ham o‘g‘il farzand tug‘diraman. Meni zurriyotim o‘g‘il bo‘lishi kerak, — degan u videosida.
Yana bir videosida esa bloger bu gaplari uchun jamoatchilik tanqidiga uchraganini aytib, tiz cho‘kib uzr so‘ragan. Bundan keyin ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligini ta’kidlagan.
Qashqadaryo viloyati IIB matbuot kotibi Iroda Rasulovaning bildirishicha, Sardor Safarboyev bu chiqishi bilan xotin-qizlar qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlagan.
Tarmoqlarda har kim istagan fikrini gapiradi, degani emas. Ulardan foydalanishning tartib, qoidalari bor. Qoidalarni buzgan fuqarolar qonuniy tartibda jazolanadi. Shuni unutmang, xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida, dedi u.
Holat yuzasidan blogerga nisbatan Nishon tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Agar sudda ayblov o‘z isbotini topsa, bloger BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda (75 mln so‘mdan 150 mln so‘mgacha) jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Мавзуга оид хабарлар:
Samarqandda 600 dollar evaziga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi Toshkentda fuqaroni Yaponiyaga ishga jo‘natish evaziga 7,4 ming dollar olgan shaxs ushlandi Ikki viloyatda imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar ushlandi Fargʻonada kuchli taʼsir qiluvchi dorilar savdosi bilan shugʻullanganlar ushlandi MIB mansabdorlari 202,9 mlrd so‘mlik ijro ishlarini asossiz yopib yuborgani aniqlandi