Samarqandda uch g‘ildirakli chiqindi tashuvchi motorollerlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot xizmati.
Mototsikllar ELDOSH brendi ostida ikki xil — benzinli va elektrli ko‘rinishda ishlab chiqariladi. Ular mahalladagi tor ko‘chalarda bemalol yurib, chiqindini bemalol tashib keta oladi. Bundan tashqari, ikki o‘rinli kabina sovutish va isitish tizimi bilan jihozlangan.
Benzinli motoroller 6 litr yonilg‘i sarflab, 100 km masofaga 1 tonnagacha (3,5 kub m) chiqindi tashishga qodir. Elektr motoroller quvvati 150 A va 72 V bo‘lgan zaryadlash qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, 1 tonna yukni 60-80 km masofaga tashish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yil oxirigacha 18 ta chiqindi poligoni yopiladi. Bir necha yildan so‘ng kuniga 14 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.




















