Samarqandda chiqindi yig‘ish uchun yerosti majmuasi paydo bo‘ldi
Chiqindilarni yig‘ishning bunday usulini butun respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Samarqand viloyatida respublikada ilk bor maishiy chiqindilarni saqlash uchun ikkita yarim yerosti konteynerlari majmuasi ishga tushirildi, deb xabar beradi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.
Majmua Samarqand shahrining Qorasuv massividagi “Obod maskan” mahallasida qurilgan. Yangi tizim chiqindilarning sochilib ketishi, issiq kunlarda yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bunday loyihalar respublikaning barcha hududlarida izchil amalga oshiriladi.
Ikki blokdan iborat yerosti majmuasi 2 metr chuqurlikda qurilgan. Har bir blokda 2 tadan konteyner o‘rnatilgan. Har bir konteynerning sig‘imi 3 kubometr (550 litr). Ular 1 mingdan 1 ming 500 nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Yana 5 ta shunday majmua barpo etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali energiya ishlab chiqarila boshlandi. Ayni paytda zavodda kuniga 3 tonna tibbiyot chiqindisi yoqiladi va utilizatsiya qilinadi, umumiy hisobda uning quvvati 6 ming tonna chiqindini qayta ishlashga mo‘ljallangan.
Izohlar