13 Noyabr 2024, 17:01 Oʻzbekiston

Samarqandda 8-sinf qiz o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangani aytilmoqda

Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib borayotganini ma’lum qildi.

Samarqandda 8-sinf qiz o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangani aytilmoqda

Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi. Bu haqda “Nemolchi.uz” xabar qildi.

Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ular qizlari yo‘qolgani haqida ariza yozgan. Badanida zo‘ravonlik izlari bo‘lgan qiz 6-noyabr kuni topilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turgan va zo‘rlagan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borgan.

Jabrlanuvchining yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, 7-noyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa eskpert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortdi. Shuning uchun ekspertiza 10-noyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazildi. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.

Qayd etilishicha, qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim o‘tkazilmoqda, lekin u taslim bo‘lmayapti.

Bolalar ombudsmani holat Qo‘shrabot tumanida sodir bo‘lganini, o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib borayotganini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan gumonlanuvchi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan qizga nisbatan tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalari tayinlangan.

Mashhur yangiliklar