Samarqand keksaydi
Olimlar yangi arxeologik topilmalar asosida shaharning yoshini qayta ko‘rib chiqdi.

Arxeologlar Ko‘ktepa va Afrosiyob qadimiy yodgorliklarida olib borilgan yangi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Samarqand shahrining yoshi 3 ming yilni tashkil etishi haqida xulosaga kelishdi. Bu ma’lumot O‘zA tomonidan taqdim etildi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida shaharning yoshini rasman uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, hozirgi Samarqand o‘rnida 3 ming yil oldin shahar hayotining elementlari — saroylar, ibodatxonalar va ko‘chalar rejalashtirilgan rivojlangan aholi punkti mavjud bo‘lgan. Bu ma’lumotlarni arxeologlar yer qatlamlari, sopol buyumlar va boshqa topilmalarni o‘rganib tasdiqladi.
Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidovning aytishicha, so‘nggi 150 yil ichida shaharning yoshi bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan. 1970-yilda u 2,5 ming yilga, keyinroq 2,7 ming yilga baholangan. Endilikda Ko‘ktepada olib borilgan qazishmalar natijasida rasmiy sana 3 ming yil deb belgilandi.
Fransuz arxeologlari bilan birgalikda Ko‘ktepa va Afrosiyobda olib borilgan ishlar katta rol o‘ynadi. U yerdan shaharning miloddan avvalgi I ming yillikning boshlarida ham mavjud bo‘lganligi haqida aniq gapirishga imkon beradigan muhim ashyolar topilgan.
Shuningdek, sessiyada Samarqand tarixiga oid taqdimot o‘tkazilib, tegishli idoralarga ilmiy materiallar taqdim etildi.
Izohlar