14 Noyabr 2024, 08:52 Oʻzbekiston

Qoraqalpog‘istonning uchta tumanida 339 mln so‘mlik energiya resurslaridan noquniy foydalanildi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning uchta tumanida 339 mln so‘mlik energiya resurslaridan noquniy foydalanildi

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri, To‘rtko‘l va Qorao‘zak tumanlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va qalbaki dalolatnoma tuzib berish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “P.F.” MChJ masʼul shaxslari maktabgacha taʼlim muassasasida davlat standartlariga javob bermaydigan yaroqsiz gaz hisoblash uskunasini o‘rnatgan. Natijada 200 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Shuningdek, To‘rtko‘l tumanida ETK muhandisi T.I. YATT N.T.ning savdo do‘koniga yangi elektr hisoblagich uskunasini o‘rnatib, hisoblagich o‘rnatilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnoma tuzgan. U N.T.ga jami 69 mln so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalanishga sharoit yaratib bergan.

Bundan tashqari, Qorao‘zak tumanida “R.s.” va “V.M.” MChJ masʼul shaxslari elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 70 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar