13 Avgust 2024, 16:35 Oʻzbekiston

Qoraqalpog‘istonda voyaga yetmagan ikki mahbus kattalar bilan bir kamerada saqlangani aniqlandi

Qoraqalpog‘istondagi 2-sonli tergov hibsxonasida 2 nafar voyaga yetmagan yigit katta yoshlilar bilan bir kamerada saqlangani aniqlandi.

Qoraqalpog‘istonda voyaga yetmagan ikki mahbus kattalar bilan bir kamerada saqlangani aniqlandi

Bolalar ombudsmani 18−19-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2-sonli tergov hibsxonasida bo‘ldi va monitoring o‘tkazdi, deb xabar bermoqda uning idorasi.

U muassasada saqlanayotgan 2 nafar voyaga yetmagan X.X. va R.T.ning sharoitlarini ko‘zdan kechirdi va ular bilan suhbatlashdi. Monitoring davomida voyaga yetmaganlar katta yoshli mahbuslar bilan bir kamerada saqlanayotgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka ko‘ra, hibsxonalarda voyaga yetmaganlar kattalardan ajratilgan tarzda saqlanishi shart bo‘lib, alohida holllardagina bunga prokuror roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Bolalar ombudsmani monitoring doirasida aniqlagan ushbu qonun buzilishi yuzasidan yo‘llagan alohida so‘rovi asosida hibsxonadagi holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 2011-yildagi “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasi talablariga rioya qilinmasdan, prokuror roziligini olmasdan turib, voyaga yetmaganlar katta yoshli shaxslar bilan bir kamerada saqlangan. Shu sababli tergov hibsxonasi ma’muriyatining mutasaddi mansabdor shaxslariga qattiq hayfsan intizomiy jazosi qo‘llandi.

Tekshiruvda katta yoshli mahbuslar tomonidan voyaga yetmaganlar huquqlariga zarar yetkazish faktlari aniqlanmay, ayni paytda voyaga yetmaganlar katta yoshli shaxslardan alohida kameraga joylashtirilgan bo‘lib, hibsxona ma’muriyati qonun talablariga qat’iy rioya qilishi prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar