10 Avgust 2024, 13:14 Oʻzbekiston

Qirgʻizistondan 1,6 mlrd soʻmlik dorini noqonuniy olib oʻtganlar qamaldi

Andijon viloyatida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga hukm o‘qildi.

Qirgʻizistondan 1,6 mlrd soʻmlik dorini noqonuniy olib oʻtganlar qamaldi

Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro A.D. sinfdoshi Sh.J. bilan o‘zaro til biriktirib, 2023-yilning avgust oyida Qirg‘iziston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga davlat chegarasi orqali noqonuniy o‘tkazilgan 87 turdagi “Fokusin”, “Dopegit”, “Kogitum”, “Erinit” va boshqa dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 616 mln 802 ming so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM ekspertiza tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining ma’lum bir qismi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, davlat reyestriga kiritilmagan hamda ularga nisbatan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan.

Ta’kidlash lozimki, fuqaro A.D. muqaddam uyushgan guruh tarkibida valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatlarini sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Holat yuzasidan A.D. va Sh.J.ga nisbatan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan “Bojxona to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini buzishda ayblanib, Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi tomonidan fuqaro A.D.ga nisbatan 5 yil hamda fuqaro Sh.J.ga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mashhur yangiliklar