Qashqadaryodagi Navro‘z saylida gazballoni portlagan talaba yigit qamaldi
Ko‘kdala tumanida gazballon portlashi ortidan bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan talaba ozodlikdan mahrum etildi.
Ko‘kdala tumanida Navro‘z saylida gazballon portlashiga sabab bo‘lgan yigitga hukm o‘qildi.
Hukmda keltirilishicha, 2002 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, Toshkent Iqtisodiyot va texnologiyalar instituti talabasi bo‘lgan B.Sh. Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami sayliga 27 litr sig‘imdagi gazballon olib borgan. U saylda baliq pishirib sotmoqchi bo‘lgan.
Profilaktika inspektori yigitga bir necha bor gazballonini aholi to‘planib turgan hududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishini aytgan. Ammo B.Sh. ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga amal qilmasdan, gazballonga gaz plitasini o‘rnatib, undan foydalana boshlagan. Ko‘p o‘tmay gazballon portlab ketgan.
Hodisa oqibatida 7 kishi o‘rtacha og‘ir, 7 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Bir kishi esa 80 foiz kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq bemor ayol 2024 yil 25 aprel kuni shifoxonada vafot etgan.
B.Sh. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U shuningdek, qilgan ishidan pushaymonligi, ehtiyotsizlik qilganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud B.Sh.ni Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) va 111-moddasi 3-qismida (Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yigitga qo‘llangan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olindi.
Мавзуга оид хабарлар:
Qashqadaryoda avariya sabab ayrim hududlar vaqtincha gazsiz qoldi Uch hududda 671 mln so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi Qashqadaryoda Isuzu 95 bosh qo‘yni bosib ketdi Qashqadaryoda isteʼmolga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqargan shaxs ushlandi Qashqadaryodagi xususiy klinikada bemor ayol vafot etdi