23 Iyul 2024, 09:57 Oʻzbekiston

Qashqadaryo o‘zanidan noqonuniy qum qazib olinishi oqibatida tabiatga 6 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Qamashi tumani Sarbozor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al materiallari qazib olinishi oqibatida tabiatga 6 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi.

Qashqadaryo o‘zanidan noqonuniy qum qazib olinishi oqibatida tabiatga 6 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Qashqadaryo viloyatida daryo o‘zanidagi tabiiy qumni noqonuniy qazib olish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Qamashi tumani Sarbozor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida olib borilgan reyd davomida daryo o‘zanidan noqonuniy tarzda tabiiy qum qazib olingani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, bir holatda 1743,7 metr kub tabiiy qum qazilgan va tabiatga 2 milliard 615 million 550 ming so‘mlik zarar yetkazilgan. Ikkinchi holatda esa 2465 metr kub tabiiy qum qazib olingan va tabiatga 3 milliard 697 million 500 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Har ikki holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar aybdorlarni aniqlash, holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Bu davrda qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Mashhur yangiliklar