O‘zbekiston

Prezidentlar nimalar haqida gaplashdi: Mirziyoyev Putin bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashdi.

8-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot qilib, xalqaro hamkorlik va bo‘lajak tadbirlarni muhokama qildi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi samarali aloqalarni, faol madaniy-gumanitar va ta’lim almashinuvini kengaytirish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan ishlar va amaliy idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shu ma’noda, joriy yilning kuzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uning natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdi, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishni boshlashi xabar qilingandi. Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Putin bu sohadagi muammolarni shaxsan Shavkat Mirziyoyev bilan muhokama qilishini aytgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная