Prezident sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish muhim ekanini aytdi
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida raqamli sohada xalqaro tajriba almashish mexanizmini yaratishni taklif qildi.

23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish sohasini muhokama qilgani haqida prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi tafovutni bartaraf etish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Mirziyoyev boshqa davlatlar bilan tajriba almashish uchun Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratishni taklif qildi.
Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz. Sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif etamiz, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston maktab o‘quvchilariga sun’iy intellekt bo‘yicha darslar o‘tila boshlaydi. Yangi fan yuqori sinflar uchun joriy etiladi.
Izohlar