9 Iyul 2024, 11:36 Oʻzbekiston

Ohangaronda 23 ta yangi charm sanoat korxonalari barpo etiladi

Loyihalarning umumiy qiymati 31,5 mln dollar. Mahalliy tadbirkorlar bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Turkiya kompaniyalari o‘z loyihalarini amalga oshiradi.

Ohangaronda 23 ta yangi charm sanoat korxonalari barpo etiladi

Prezidentning “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent va Jizzax viloyatlarida charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgandi.

Shu sababli Ohangaron tumanida 15,7 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etildi, deya xabar bermoqda“O‘zcharmsanoat” uyushmasi. Shuningdek, charm-sanoat texnoparki direksiyasi tashkil etilgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, bugungi kunda mazkur kichik sanoat zonasida 7 tashabbuskor tomonidan 23 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Loyihalarning umumiy qiymati 31,5 mln dollarni tashkil qiladi

“Mahalliy tadbirkorlar bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Turkiya kompaniyalari ushbu hududda o‘z loyihalarni amalga oshiradi. Kichik sanoat zonasida avtomatlashtirilgan kushxona, terini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot olishga ixtisoslashgan klaster, poyabzal ishlab chiqarish korxonalari va junni qayta ishlash zavodlari joy egallaydi”, – deyiladi xabarda.

Uyushma ayni vaqtda Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida kichik sanoat zonasida suv tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Mashhur yangiliklar