25 Mart 2025, 11:51 Oʻzbekiston

Ob-havo yomonlashishi munosabati bilan FVV togʻlarda dam olayotganlarga murojaat qildi

Vazirlik xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni soʻrab, bir nechta maslahat berdi.

Ob-havo yomonlashishi munosabati bilan FVV togʻlarda dam olayotganlarga murojaat qildi

Mart oyining oxirida Oʻzbekistonni yogʻingarchilik bilan salqin ob-havo qamrab oldi, togʻlarda qor yogʻishi tufayli qor koʻchkisi xavfi eʼlon qilindi. FVV fuqarolarni hushyorlikka chaqirib, bir qancha maslahat berdi.

Vazirlik dam oluvchilar va togʻ changʻisi sporti ishqibozlarini “Diqqat! Qor koʻchkisi xavfi!” belgilarini eʼtiborsiz qoldirmaslikka va toʻsiqli hududlarga kirmaslikka chaqirdi. Dam oluvchilarga quyidagilar tavsiya etildi:

  • sayohatga tayyorgarlik koʻrayotganda yaqinlariga oʻz yoʻnalishi va manzili haqida xabar berish;
  • togʻli hududlarga yolgʻiz bormaslik, imkon qadar tajribali yoʻl boshlovchi bilan birga borish;
  • oldindan rejalashtirilgan yoʻnalishga amal qilish, guruhdan orqada qolmaslik va ajralib ketmaslik;
  • oʻzi bilan mobil telefon olib yurish;
  • agar bu kabi sayohat birinchi marta boʻlsa, juda uzoqqa bormaslik.

Changʻichilar va snoubordchilardan atrofdagilarni xavf ostiga qoʻymasdan tushishni, shuningdek, shlem va maxsus himoya vositalarini kiyib, oʻzlarini muhofaza qilishlarini soʻradi. Ekstremal sport turlari ishqibozlariga maxsus belgilar talablariga rioya qilish zarurligi eslatildi.

Ularga quyidagi maslahatlar ham berildi:

  • trassaga mast holda chiqmaslik;
  • tushishning asosiy yoʻlida toʻxtamaslik;
  • koʻtarilish tomonidan tushish taqiqlanadi;
  • maxsus texnika ishlayotgan hududlarda tushish taqiqlanadi;
  • toʻqnashuv sodir boʻlgan taqdirda, imkon qadar tezroq yoʻlni boʻshatish yoki tegishli signal berish;
  • jarohat olgan taqdirda, pastga tushayotgan odamlardan biriga murojaat qilib, bu haqda instruktor yoki qutqaruvchiga xabar berish;
  • baxtsiz hodisa yuz bergan taqdirda jabrlanuvchiga yordam koʻrsatish har bir changʻichi yoki snoubordchining burchi hisoblanadi;
  • changʻi yoki snoubordda uchishni oʻrganayotganlar bu sport turlarining qoidalarini diqqat bilan oʻrganishlari lozim. Pastga tushishni instruktor bilan boshlash tavsiya etiladi.

Mashhur yangiliklar