O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni rasmiylashtirish uchun to‘lov miqdori ma’lum qilindi
Tegishli qonun joriy yilning 8-noyabr kuni kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Lex.uz`da qonun matni e’lon qilindi. Unda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni rasmiylashtirish uchun to‘lov miqdori keltirilgan.
Qonun 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib, unda quyidagi yer va mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilmoqda:
- 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
- 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
- “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
- 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
- bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
- kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;
- davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;
- hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.
Qonunga ko‘ra, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi.
Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 875 ming so‘m), Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m), viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda BHMning 2 baravari (750 ming so‘m), boshqa aholi punktlarida BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida to‘lov qilinadi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bir martalik to‘lovni to‘lashdan ozod etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov belgilangan to‘lovning 50 foizi miqdorida undiriladi.
Qonun 8-noyabrdan kuchga kiradi.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekistonda xorijliklarni nomaqbul shaxs deb topish haqidagi qonun kuchga kirdi O‘zbekistonda istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi Uy sharoitida tirik pilla yetishtirayotganlar daromad solig‘idan ozod qilinadi Prezident bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi