2025-yilda “Toza makon” yagona billing tizimi doirasida chiqindi tashish xizmatlari 87 foiz mahallalarni qamrab oldi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot kotibi Dilnoza Komilova.

Tizim mamlakat bo‘ylab ro‘yxatga olingan 9452 ta mahalladan 8105 tasida xizmat ko‘rsatish holatini kuzatdi. Bu joylarda jami 23,9 mln kishi — jami aholining 64 foizi istiqomat qiladi. Yil oxirida o‘zbekistonliklar 1 304 trln so‘m yoki jami hisoblangan to‘lovlarning 90 foizini (1 454 trln so‘m) to‘lagan. Umumiy debitor qarzdorlik o‘tgan yillar bilan qo‘shib hisoblaganda 622,7 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bunda amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 211,9 mlrd so‘mlik qarzdorlik “Toza makon” tizimidan chiqarildi.
Billing tizimidagi abonentlarning umumiy soni 7,3 mln. Shundan 98,1%i kadastr raqami va 91,6 foizi JSHSHIR bo‘yicha tizimga kiritilgan.

1-dekabr holatiga sanitar tozalash sohasida xususiy investitsiyalar 386,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Korxonalar tomonidan 384 ta maxsus texnika, 5,7 mingta konteyner, 4 ta saralash kompleksi va 16 ta chiqindilarni qayta ishlash qurilmasi xarid qilindi, shuningdek, 33 ta yangi chiqindi yig‘ish maydonchalari ochildi.

Yil davomida 830 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 714 ta yuk mashinasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab ishlayotgan chiqindi tashish mashinalarining 95 foizi (3419 tadan 3230 tasi) ularning ishini kuzatish uchun GPS-trekerlar bilan jihozlangan. O‘zbekiston bo‘yicha sanitar tozalash korxonalarining o‘rtacha samaradorlik ko‘rsatkichi 55,5% ni tashkil etdi.

113 ta tashkilotdan 30 tasi “yashil”, 57 tasi “sariq” va 28 tasi “qizil” toifaga kiritilgan. 14 ta korxona yarim yildan buyon “qizil” toifada qolmoqda. Shundan 5 tasi Andijon viloyatida, shuncha Qashqadaryoda, 2 tasi Farg‘onada, bittadan Namangan va Surxondaryo viloyatlarida.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshidan buyon 200 mingdan ortiq iste’molchiga chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorlik tufayli elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklangandi. Idora barcha qarzlar to‘langanidan so‘ng cheklovlar darhol bekor qilinishini eslatdi.