O‘zbekistonliklarni xabarsiz quruvchilar safiga kiritishmoqda
Ba’zi tashkilotlar shu yo‘l bilan o‘z reytingini oshirishga harakat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim qurilish tashkilotlari o‘z reytingini oshirish maqsadida fuqarolarni ularga bildirmasdan ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-noyabrdagi 699-son qaroriga muvofiq, 10 ga yaqin vazirlik va idoralar tomonidan tizim orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida qurilish va loyiha tashkilotlari reytingi avtomatik tarzda hisoblanadi.
Xususan, tashkilot xodimlari va MHEKMdan (1 mln 271 ming so‘m) kam bo‘lmagan oylik ish haqi miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasidan avtomatik tarzda olinadi.
Shu sababli, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ushbu ma’lumotlarni o‘zgartirish, shuningdek, ularning ishonchliligini aniqlash imkoniyatiga ega emas. Tizim faqat uni yig‘adi va reyting.mc.uz platformasida foydalanuvchilar uchun ochiq e’lon qiladi, — deya ta’kidladi Qurilish vazirligi.
Aholi bandligi vazirligi bilan birgalikda qurilish sohasida jismoniy shaxsning roziligisiz ishga rasmiylashtirish, fuqarolarning bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilotda ishlashi holatlarini tizimli tartibga solish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida o‘zbekistonliklardan shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermaslik va qurilish tashkilotlariga ularning roziligisiz ishga qabul qilingan taqdirda vakolatli organlarga murojaat qilish so‘ralgan.
Avvalroq Qurilish vazirligi qurilishga ruxsat berish uchun “qo‘shimcha xarajatlar” haqidagi bayonotga munosabat bildirgandi. Tadbirkor Usmonjon Abdusamatov soha vakillari ishtirokidagi ochiq muloqotda asossiz rad javoblari va korrupsiya holatlari haqida gapirdi.
Izohlar