O‘zbekistonliklarni 2026-yilda Haj ziyoratini ado etishda o‘zgarishlar kutmoqda
Yangiliklar viza olishga taalluqli bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni “Haj — 2026” mavsumida ziyoratchilar Nusuk platformasi orqali berilgan tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lgan taqdirdagina viza olishlari mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi hajni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi barcha tuzilmalarga har bir ziyoratchining sog‘lig‘ini sinchkovlik bilan tekshirish majburiyatini yukladi. Viza olishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bosqich bo‘ladi. Tegishli hujjatsiz ziyoratchi safarni rasmiylashtira olmaydi.
Hajga borish mumkin bo‘lmagan kasalliklar ro‘yxatida dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi, yurak va jigar yetishmovchiligining og‘ir shakllari, kislorod yordamini talab qiladigan surunkali o‘pka kasalliklari, shuningdek, jiddiy ruhiy va nevrologik kasalliklar ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, so‘nggi trimestrdagi homilador ayollar, faol yuqumli va onkologik kasalliklarga chalingan shaxslar sayohatga qo‘yilmaydi. Haj vazirligi belgilangan qoidalar buzilganda yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Avvalroq Umra safariga Saudiya Arabistoniga istalgan viza bilan kelish mumkinligi xabar qilingandi. Mamlakat rasmiylari yangi chora ziyoratchilar sonini oshirishga yordam berishini rejalashtirmoqda.
Izohlar