O‘zbekiston

O‘zbekistonliklar keshbekni daraxt ekish uchun xayriya qilishi mumkin bo‘ladi

Shuningdek, hukumat kompaniyalar yashil bog‘lar yaratish va ularni parvarishlash uchun ajratadigan mablag‘larni soliqlardan ozod qiladigan tizimni ishlab chiqadi.

O‘zbekistonliklar ko‘kalamzorlashtirish va daraxt ekish uchun xaridlaridan Soliq-keshbek xayriya qilishlari mumkin, deyiladi prezident qarorida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalarni, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. 2025-yil oxirigacha Moliya vazirligi jamg‘armaga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun budjetdan 900 mlrd so‘m ajratadi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda “Soliq” mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xariddan keyin davlat budjetidan qaytariladigan summaning bir qismini ko‘chat ekish uchun ixtiyoriy ravishda yo‘naltirish imkonini beruvchi tizim ishlab chiqadi. Bundan tashqari, ushbu ikki organ Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasiga ajratiladigan xayr-ehsonlar ko‘rinishidagi yuridik shaxslarning mablag‘larini, shuningdek, yashil bog‘lar barpo etish va ularni parvarishlash tadbirlariga yo‘naltiriladigan xarajatlarni foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq aholi daraxt kesish bilan bog‘liq har qanday qurilishni to‘sib qo‘yishi mumkinligi xabar qilingandi. Buning uchun mahalla aholisining bor-yo‘g‘i 10 foizining roziligini olish kerak bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная