16-yanvar kuni havo haroratining keskin pasayishi sababli energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Yoqilg‘i-energetika tizimida sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashni ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rildi. Elektr, issiqlik va gaz ta’minoti obyektlarida qo‘shimcha texnik ko‘riklar o‘tkazilib, ishlab chiqarish va ta’minot quvvatlari joriy ob-havo sharoitiga moslashtirildi.

  • Mas’ul xizmatlar kuchaytirilgan tartibda, 24 soat davomida ishlamoqda.

Energetika vazirligi sovuq ob-havo davrida energiya resurslari iste’molining oshishi kutilayotganini, shu sababli vaqtinchalik texnik cheklovlar joriy etilishi mumkinligini ta’kidladi. Aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi va gaz bilan barqaror ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Iste’molchilarga elektr energiyasi va gazdan oqilona foydalanish, xonadonlarda issiqlikni saqlash tavsiya etildi. Isitish asboblarini qarovsiz qoldirmaslik kerak. Ularni ekspluatatsiya qilish davrida xonalarni shamollatishni ta’minlash zarur. Mo‘rilar va shamollatish tizimlarining holati muntazam ravishda tekshirilishi kerak.

Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida yopiq binolarda ochiq olovdan yoki nosoz isitish asboblaridan foydalanmaslik kerak. Iloji bo‘lsa, is gazi datchiklaridan foydalanish tavsiya etiladi, — deya qo‘shimcha qildi Energetika vazirligi.

O‘zbekistonliklar elektr ta’minoti bo‘yicha 1154, shuningdek, gaz ta’minoti bo‘yicha 1104, 104 raqamli 24 soatlik koll-markazlarga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.